Zulfiya sara sherlar to’plami

Zulfiya Isroilova – taniqli va iqtidorli o‘zbek shoirasi. Yorqin rassom, oddiy inson qalbini o‘tkir his qilgan mehnatkash, Sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavar kurashgan ayol. Zulfiya she’riyatining nufuzi – bizning dabdabali murakkab davrimizning haqqoniy ifodasi, o‘ziga xosligi, zamondoshlarimizning qalbi va harakatlarining yorqin tasviridadir.

Zulfiya sherlari

O’tgan umrimga achinmay qo’ydim

Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim.
Tabassum o‘rnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak bo‘lsa — telbacha suydim.

Kiyganim ipakmi, chitmi yo kimxob,
Yurak boyligidan qilmabman parvo.
Meni og‘ushlagan hayot naq oftob,
Yangi qo‘shiq talab unda har saboq.

Men o‘tgan umrga achinmay qo‘ydim,
Hech kimda ko‘rmayin umrimga o‘xshash:
Suydim, erkalandim, ayrildim, kuydim,
Izzat nima — bildim, shu-da bir yashash!

Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam

Ko‘zingda chaqmoqqa o‘xshash o‘tli nam,
Ranging siniqishi, lab titrashi sir.
Balki, hisni bo‘g‘ib, irodangga jim
Yolvorasan, kuch ber, bo‘lmay deb asir?

Ko‘mib yubormoqchi sen tul yoshliging,
U faqat yashnashga qodir tabiat.
Balki, baxt bekasi atagan kishing –
Ruhi ham istamas xazoning bevaqt?

Bilsang, daraxtni sindirar bo‘ron,
Nihol bo‘lsa, yana o‘sar gurkirab.
Balki, yo‘q ta’nalar, andisha, gumon,
Baxtga haqqing yutar, diling zirqirab?

Yarim taqdir go‘yo siniq ko‘zgumish,
Hayot taqozosi baxt bekamlikdir.
Balki, to‘kqiz guling bilmasdan so‘lish,
Pok hisning amriga kirmak kerakdir?

Ichma, bu may na kayf, na-da baxt

Ichma

Ko‘zdan, so‘zdan, qo‘llardan uzoq
Bukun senga to‘lar ellik yosh.
Go‘yo maysa ellik yoshlik naq —
Ellik yoshday boqadi quyosh.

Qalam, qog‘oz yozuv ham go‘yo
Ellik yoshli yetuk va yaqin.
Hamma real, xayol va ro‘yo,
Hijron, sevgi, yog‘in va chaqin.

(O, arablar! Tasanno sizga,
Hikmatingiz keldi menga qo‘l.
Debsiz. «Eng cho‘ng, uzoq masofa
Dil bilan dil aro yotgan yo‘l».
Shu cho‘ng, uzoq yo‘l boshidan man,
Intilaman qalb bilan qalbga.
Men she’rdan ko‘prik tashlayman
Uzr aytib dono arabga).

Ponamisol yorib taqdiring
Men kirmayman uyingga zinhor,
Zero, hech on baxting va mehring,
Fikring chulg‘ab bermadim ozor.

Lekin bukun do‘stu raqib jam,
Xo, do‘st deb sev, xo raqib deb quv,
Ertaklarda bo‘lganday men ham
Keldim, bo‘lib dilingga g‘uluv.

Darkor emas na poygah, na to‘r,
Qatraga barg ham, kosa ham joy…
Endi seni azob va huzur
Girdobiga olar hoynahoy.

Bo‘sh qadahni qo‘yasan sekin,
Shuhrat-hurmat va sharobdan mast.
Nedur senga yetmayin lekin.
Bir nuqtaga boqasan loqayd,

Go‘yo hamma g‘oyib bo‘lganday
Birdan o‘zing sezasan yolg‘iz.
Qo‘l cho‘zasan sipqormak-chun may,
May tutaydi o‘tsiz, olovsiz.

Tutamog‘i etar betoqat
Va kayfingdan qolmaydi asar.
Chunki qadah tubida tomchi
Bir bulbulning ko‘z yoshi qadar —

Shaffof, quruq, otashga to‘liq
Alangasiz turadi yonib,
Unda shodlik, kayfu safo yo‘q.
Icholmaysan bu mayni qonib.

Kim bilar, u ne? Jigar qoni,
Yig‘lanmagan ko‘zing yoshimi?
Yo bo‘sadan yot lab fig‘onin
O‘t jismiga yashiringan nami?

Yo qo‘rqoq ishq zaif jur’atning
Ikki boshga solgan qamchisi.
Yo ayolning qalbi hovurining
Muzga tegib singan tomchisi.

Nima bo‘lsin, shu yetim qatra,
Menman, menman, men o‘zim faqat,
Sen bu tutoq olovdan saqlan,
Ichma, bu may na kayf, na-da baxt!

Nevaram

Nevaram quyunday otilib kirib,
Qalamim tagidan qog’ozni yular.
Damda varrak yasab ko’kka uchirib,
Izidan qop-qora ko’zlari yurar,

Varrak tortar shekil, murg’akni kuch-la
Oyoq tirab siltar dakani kibor
Ayrilib qog’ozdan, she’rdan va hushdan
Boqaman varrakboz jonga baxtiyor,

Naq bobosi siyoq zehnday tiyrak,
Ko’kish alangada yonar sochu qosh.
Borlig’i ezgu bir o’tganda kerak,
Tomirlarda qonmas, kezadi quyosh.

Daka varrak tiniq zangori fazo
Tubiga intilar, sho’ng’ir naq xayol.
Talpingan ko’ksingda, bolakay ne bor,
Sen iqbolga, senga ne tutar iqbol?
Nevara bo’lmasa, odamzod albat,
O’zi kashf etardi, kashf etganday baxt.

Salqin saharlarda, bodom gulida

Bodom guli

Salqin saharlarda, bodom gulida
Binafsha labida, yerlarda bahor,
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag‘rim, bahorni,
O‘rik gullarining eding maftuni.
Har uyg‘ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko‘zlaringga surtib o‘parding uni.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni,
U ham yosh to‘qdiyu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo‘lib shabboda,
Sen yurgan bog‘larni qidirib chikdi.
Yozib ko‘rsatay deb husn-ko‘rkini,
Yashil qirg‘oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo‘ron bo‘ldiyu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog‘laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog‘ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo‘ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so‘roq.
Barida sukunat, ma’yuslik ko‘rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,
Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan,
Singib yosh kuydirgan za’far yonog‘imga
Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

Lekin yotog‘imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana yel bo‘ldiyu, kezib sarsari,
Mendan so‘ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo‘shig‘i mavjlanib bir daryo oqqan
«Baxtim bormi deya, yakkash so‘roqlab».
Meni she’rga o‘rab suqlanib boqqan?

O‘rik gullariga to‘nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho‘x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishkqa to‘lib boqardi tongta,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo‘shig‘ida
Mudom ko‘rar edim o‘z jamolimni.

Qani o‘sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko‘zingda yosh, turib qolding lol?
Nega qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko‘klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay loldir tillarim,
Baridan tutdimu, keldim qoshingta.
U ham g‘aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamdan tutoqib daraxtga ko‘chdi,
Kurtakni uyg‘otib so‘yladi g‘amnok.
Sening yoding bilan yelib beqaror,
Gullar g‘unchasini etdilar chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri
Samoni qopladi mayin bir qo‘shiq
Bu qo‘shiq naqadar oshino, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to‘liq.

Bahorga burkangan, sen sevgan elda
Ovozing yangradi jo‘shqin, zabardast.
O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.