Xotirani qanday kuchaytirish mumkin
Xotira – inson nerv tizimining eng muhim funksiyalaridan biridir. Xotiraning buzilishida inson hayoti davomida diskomfort sezadi va bu jiddiy nevrozlar, depressiyalarga olib keladi. Agar xotiraning buzilishi davom etib ketaversa, insonni mehnat qilish qobiliyatidan mahrum etib, nogironlikka olib keladi. Koʻp hollarda yoshi qari insonlar xotirasining buzilishi tufayli hayot davomida oddiy yumushlarni ham bajara olishmaydi, xalq tili bilan aytganda “oʻzini o‘zi eplay olmaydi”. Qarilik bilan buzilgan xotirani odatda qaytarib bo‘lmaydi, ammo yoshlikda kuzatiladigan xotira susayishi va yo‘qolishlarini tiklasa bo‘ladi.
Xotira bilan bogʻliq muammolarga hatto bolalar ham duch kelishadi. Bunday muammolarni eʻtibordan chetda qoldirish kerak emas, chunki inson kelajakdagi hayotiy qobiliyatlari xotira bilan chambarchas bogʻliq. Bolalar xotirasi pasayganda oʻqishdan ortda qoladi, taʻlim olish muassasalariga borgisi kelmaydi, bola asabiy, jaxldor va yigʻloqi bo‘lib qoladi. Jarayonni oʻtkazib yuborgandan keyin qaytarish qiyin, shuning uchun erta davrlarda davo choralarini koʻrish zarur.
Hozirgi kunda xotirani tiklash uchun medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar oʻtkazish mumkin. Agar xotira juda ham pasaygan boʻlsa, yaxshisi shifokor koʻrigidan oʻtish kerak.
Xotira nega pasayadi
Inson xotira funksiyasining mexanizmi juda ta’sirchan, u ko‘pgina sabablar natijasida o‘z funksiyasini o‘zgartirishi mumkin. Shifokorlar fikricha, xotirani pasayishiga quyidagi bir qator holatlar sabab bo‘lishi mumkin:
-Zo‘riqish – jismoniy va aqliy,
-Haddan ortiq ko‘p aqliy mehnat qilish, charchash,
-Surunkali uyqusizlik,
-Surunkali stress holatlari,
-Kuchli bir martalik stress,
-Sigaret chekish,
-Spirtli ichimliklar ko‘p ichish,
-Narkotiklar qabul qilish,
-Bosh miyadagi yoshga bog‘liq o‘zgarishlar,
-Insult,
-Bosh-chanoq suyagi travmalari (ochiq va yopiq),
-Qalqonsimon bez kasalliklari,
-Qon tomirlar kasalligi,
-Yurak kasalliklari sababli miyada qon aylanishi buzilishi,
-Ba’zi dori preparatlarini qabul qilish.
Ko‘p hollarda bolalar maktabga chiqa boshlaganlarida yoki yuqori sinfga o‘tganlarida xotiralari susaygani seziladi, bu esa bola miyasining zo‘riqishi bilan tushuntiriladi. Bunday vaziyatda ota-onalar bolalariga e’tiborli bo‘lishlari, ularni urishmasliklari zarur.
Xotira pasayganlik belgilari
Xotira pasaygan holatlarning barchasida ham davo talab qilinavermaydi. Medikomentoz davo va xalq tabobati bilan muolajalar o‘tkazish uchun ko‘rsatma, xotiraning qisqa muddatlarda tiklanmasligi bo‘la oladi. Masalan:
-Biror bir narsani esda saqlab qolishga istak bo‘lsada, ularni yodda saqlab qola olmaslik;
-Doimiy unutib qo‘yish;
-Katta hajmdagi ma’lumotlarni eslab qolish qobiliyati yo‘qolishi.
Agar insonda davomiy, eski vaqtlardagi jarayonlarni eslay olish qobiliyati buzilayotgan bo‘lsa, bu bosh miyada qandaydir bir jiddiy kasallik boshlanayotganidan dalolat beradi.
Xotirani kuchaytiruvchi dorilar
Yosh bolalarda mustaqil ravishda dori preparatlarni qo‘llash umuman mumkin emas. Dorilar qat’iy ravishda shifokor mutaxassis tomonidan buyuriladi, dozalar va muolaja davomiyligiga e’tibor qaratiladi.
Kattalarda charchash, aqliy zo‘riqish, uyqusizlik va stress holatlarida quyidagi ba’zi dori preparatlarini qabul qilishlari mumkin:
-Glitsin;
-Intellan;
-Pantogam;
-Vitrum memory;
-Pirasetam;
-Alfagin;
Bundan tashqari kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi neyrotrop dorilar ham bor:
-Aminalon;
-Bilobil;
-Tanakan;
-Fenotropil;
-Noutropil;
-Aktovegin.
Diqqat. Yuqoridagi preparatlardan shifokor tavsiyasisiz mustaqil foydalanish qattian taqiqlanadi!
Xotirani kuchaytirish uchun mashqlar
Xotirani tiklash va uni saqlab turish uchun, ish joyida ham bajarsa bo‘ladigan, har qanday yoshdagi insonlar uchun to‘g‘ri keladigan mashqlar bor.
Samarali mashqlardan biri rasmlarni eslab qolish. Bunday mashqni o‘tkazish uchun biror bir qiziqarli rasm olish kerak, unda 10 tadan 15 tagacha bo‘lgan jism, hayvon va shu kabilar bo‘lsin. Ushbu rasmga 60 soniya davomida diqqat bilan qarang va u yerdagi narsalarni eslab qolishga harakat qiling. 60 soniya o‘tgandan keyin rasmni berkitib, eslab qolgan narsalaringizni ayting yoki ularni yozing. Bunday mashqni bolalar bilan o‘yin sifatida o‘tkazsangiz, bolaning kayfiyati ham ko‘tariladi. Faqatgina bir rasmdan emas, 2-3 xil rasmlar bilan mashq qilganingiz yaxshiroq.
Sanash – xotirani kuchaytirish uchun yaxshi mashq. Bu samarali usul bo‘lib, 1 dan 20 gacha yoki 20 dan 1 gacha bo‘lgan sonlarni parallel ravishda sanash kerak. Masalan: 1, 20, 2, 19, 3, 18 va hokazo. Har kuni ushbu mashqni takrorlab 10 ta songa oshirib boring va 100 gacha yeting. Mashqni uyqudan oldin bajarsangiz ancha samarali bo‘ladi. Agar inson sonlarning boshqa tillardagi talaffuzini bilsa, parallel ravishda o‘z tili va boshqa tilda sonlarni sanash xotirani tiklashga tezroq yordam beradi.
Xotira uchun foydali usullardan biri “chapaqay” qo‘l mashqini bajaring. Chapaqay insonlar uchun o‘ng qo‘lni, o‘naqaylar uchun esa chap qo‘lni ko‘proq ishlatish talab etiladi. Bunday mashq bilan miyaning ishlashi kuchayadi va xotira tiklanishi yaxshilanadi.
Xotira mashqlariga o‘qiyotgan paytingizda ikkita bir xil kelgan harflarni topish va ularga e’tibor qaratish ham miyani ishlashga majburlaydi.