Muhammad Yusuf sher va sherlar t’oplami

Muhammad Yusuf sherlari — Muhammad Yusuf sara sherlar to’plami.

Muhammad Yusuf sherlari

Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. O’rta maktabni tugatgach, Respublika Rus tili va adabiyoti institutida o‘qib, uni 1978 yilda bitirdi. Shoir 1978-1980 yillarda Kitobsevarlar respublika jamiyatida, 1980-1986 yillarda «Toshkent oqshomi» gazetasida, 1986-1992 yillarda G’. G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida, 1992-1995 yillarda «O’zbekiston ovozi» gazetasida, O’zbekiston Axborot agentligida ishladi, 1995-1996 yillarda Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida o‘qidi. 1997 yildan boshlab O’zbekiston Yozuvchilar Uyushmasi raisi o‘rinbosari lavozmida ishladi. 

Onamga xat

Men sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olamayman,
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmayman.

Men siz aytgandayin hammani sevdim,
Hammaga ishondim, mana oqibat:
O’z do’stim uyiga ko’mildi sevgim,
Kun bo’lib ko’ksimni kuydirdi nafrat.

Boshimdan o’tgani ko’kka ham ayon,
Yulduzlar qiqirlab kular oqbadan:
Men – zangor yaylovda olis, bepoyon,
Uyuridan ajrab qolgan qulunman.

Mana, men ketyapman tosh yo’lda ko’zim,
Qadamim moshinlar yo’rg’asiga mos.
Yig’lasam yupatib o’zimni o’zim,
Pishqirib qo’yaman toychoqlarga xos.

Va sizni o’ylayman shomu saharda,
Ona, sog’insam ham bora olmasman.
Tunlari charog’on shunday shaharda
Hech kimga ko’nglimni yora olmasman.

Ha, sevgi haqida. U dilga ne zeb,
Kuyinmang, ne iloj qilmasa nasib,
Baxtimga hamisha siz sog’ bo’ling deb,
Sog’ingan o’g’lingiz – Muhammad Yusuf.

Vatanim

Men dunyoni nima qildim, oʻzing yorugʻ jahonim,
Oʻzim xoqon, oʻzim sulton, sen taxti sulaymonim,
Yolgʻizim, yagonam deymi, topingan koshonam deymi,
Oʻzing mening ulugʻlardan ulugʻimsan, Vatanim.

Shodon kunim gul otgan sen, chechak otgan izimga,
Nolon kunim yupatgan sen, yuzing bosib yuzimga.
Singlim deymi, onam deymi, hamdardu hamxonam deymi,
Oftobdan ham oʻzing mehri uligʻimsan, Vatanim.

Sen Mashrabsan, xalqda tumor,
Balxda dorga osilgan, Navoiysan, shoh yonida
Faqirini duo qilgan, Yassaviysan, meniki deb,
Koʻringan daʼvo qilgan, ming bir yogʻi ochilmagan
Qoʻrigʻimsan, Vatanim.

Sen Xoʻjandsan, chingizlarga darvozasin ochmagan,
Temur Malik orqasidan sirdaryoga sakragan,
Muqannasan qorachigʻi olovlarga sachragan,
Shiroqlarni koʻrgan choʻpon, choʻligʻimsan, Vatanim.

Kim Qashqarni qildi makon, kim Enasoy tomonda,
Jaloliddin – Kurdistonda, Boburing – Hindistonda,
Bu qanday yuz qaroligʻ, deb yotarlar zimistonda,
Tarqab ketgan toʻqson olti urugʻimsan, Vatanim.

Oʻgʻlim desang osmonlarga, gʻirot boʻlib uchgayman,
Chambil yurtda Alpomishga, navkar boʻlib tushgayman,
Padarkushdan pana qilib Ulugʻbeging quchgayman,
Gʻichir-gʻichir tishimdagi soʻligʻimsan, Vatanim.

Oʻtgan kuning – oʻtgan kundir, oʻz boshingga yetgan kun,
Qodiriyni bergan zamin, Qodiriyni sotgan kun.
Qoʻlin bogʻlab, dilin dogʻlab, yetaklashib ketgan kun,
Voh bolam! deb aytolmagan, dudugʻimsan, Vatanim.

Yoningda qon yigʻlagan bir shoiringga qarab qoʻy,
Gar Qoʻqonga yoʻling tushsa, detdomlarni soʻrab qoʻy.
Hech boʻlmasa Usmon xokin keltirmoqqa yarab qoʻy,
Olislarda qurib qolgan qudugʻimsan, Vatanim.

Sen – shoxlari osmonlarga tegib turgan chinorim,
Ota desam, oʻgʻlim deb, bosh egib turgan chinorim,
Qoʻynimdagi iftixorim, boʻynimdagi tumorim,
Oʻzing mening ulugʻlardan ulugʻimsan, Vatanim!

Onam

Oh, mening ortimdan ovvora onam,
Bir parcha yuragi ming pora onam.
Har baloni koʻrib yorugʻ dunyoda,
Toshkanni koʻrmagan bechora onam,
Bolang boʻlib bir bor boshlab keldimmi,
Endi men ham senga oʻgʻil boʻldimmi!

Garchi bisotingda “bayram” soʻzi yoʻq,
Bilaman, kutasan sandal toʻla choʻgʻ,
Menda yurak deganlarin oʻzi yoʻq:
Men sovgʻa bermagan qiz yoʻq bu oqshom,
Senga na gul berdim, na shirin kalom,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam?

Deysan: olislarda omon yursang bas,
Yodingga tushsam goh yoʻqlab tursang bas,
Bolam, senga hamma qiladi xavas…
Axir, mening dardim Sheʼr emas faqat,
Men mashhur shoirmas – mashhur beshafqat,
Endi men ham senga oʻgʻilmanmi, ayt?

Shaʼningga sheʼr bitdim. U seni topsin,
Poyingga tiz choʻkib, qoʻlingni oʻpsin.
Undan ham ulugʻim borligin koʻrsin,
Men uchun ham aziz holingni soʻrsin,
Sensiz gʻarib koʻnglim koʻngilmi, onam,
Endi men ham senga oʻgʻilmi, onam!

Ona tilim

Garchi zug’um qilganlarni yoqtirmadim,
She’r yozdimu bo’lak ishni qotirmadim.
Tilim turib o’z tilimda gapirmadim,
Bir eslasam eziladi bag’ri-dilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Onam «erkam» deb quchganda tunlar yarim,
Erkim yo’q deb zirqirardi bir joylarim,
Parovozni hansiratgan bug’doylarim,
Oltinlarim, ma’danlarim, ipaklarim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimlar uchun biz edik bir badaviylar,
O’zbekni qon qaqshatganni uzbek siylar,
Holimizni qon kuzatdi Yassaviylar,
Topganimiz handalakdek tilim-tilim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Kimdir mayda millat bo’ldi, kimdir katta,
Katta millat — Afandisi yo’kdir hatto,
Biz piyoda, biz boqqanlar yurdi otda,
Zulm o’tsa faqat sendan o’tdi zulm,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Sen bo’lmasang nima bizga sillik she’rlar,
Bu dunyoda tili yo’kda dil yo’q derlar,
Bahoing-ku berib ketgan Alisherlar,
Yuragimning to’ridagi so’lmas gulim,
Ona tilim, kechir meni, ona tilim.

Bir qarasam har shevangda ming jilolar
Har novdangda, har mevangda ming jilolar.
Qodiriylar, Cho’lponlar-u, Abdullolar,
Sening qaytgan kuning men tug’ilgan yilim,
Ona tilim, ey muqaddas ona tilim.

Jayron

Qon yigʻlatdi qaysi bagʻritosh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh
Oyogʻingga qoʻyib yotay bosh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh.

Yurak qoning toʻkilgan soʻqmoq,
Bagʻri alvon lolaqizgʻaldoq,
Senga toshlar otdi qay gumroh,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh.

Zor yigʻlading buncha ham hayhot,
Menda ham bor sendagi sayyod
Ey beozor, ey moʻmin jonzot,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh.

Bu dunyoning nokaslari bor,
Ezgulikni koʻrolmaydilar.
Meni ham qon yigʻlatdi ular,
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh.

Labim bilan yarang silayman,
Senga dardi shifo tilayman,
Kel, tugʻishgan ogʻang boʻlay man.
Jayron, nega koʻzing toʻla yosh.

Mening dardim

Tuzalmaydi dardim mening, o’lsam kerak.
Tuproq bilan og’a-ini bo’lsam kerak.

O’lim nima? Bu ham bitta sayr, Ona.
O’g’ling qaro yerga ketdi, xayr ona.

Tuzalmas bu dardim mening, umidim yo’q.
Xira shamdek ko’zlarimda so’nmoqda cho’g’.

Cho’g’ nimadir? Cho’g’ ham tutab, kul bo’ladi.
Inson bir kun o’z mayliga qul bo’ladi.

Yuragimni tamom qildim, yig’layverib.
Huzurimda ajal turar, qoshin kerib.

Men hayotda o’limga tik boqib o’sdim,
Qani menga atalgan joy, ketdik, do’stim!

Biz baxtli bo’lamiz

Mayli-da, kimgadir yoqsa, yoqmasa,
Ularga qoʻshilib yigʻlasharmidik.
Biz baxtli boʻlamiz xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa uchrasharmidik.

Rayhon hidlaringni yoʻllarimga sep,
Kut meni, har oqshom, koʻkka oy chiqqan.
Faqat, yigʻlamagin, aybim nima deb,
Aybing – tonang seni chiroyli tuqqan!

Menga bir tabassum hadya et, ey yor,
Nur tomsin lablaring sohillaridan.
Oʻzing ayt, senday qiz yana qayda bor,
Kipriklari uzun kokillaridan?

Iymanib yashama xayol pinjida,
Yoyil, yayra jonim, oʻrtanma gʻamda.
Gʻiybatlarga chida, tuhmatga chida,
Sen bittasan, axir, yorugʻ olamda.

Men esa oshigʻing sening Eng gʻarib,
Tundan soʻz qarz olib, tongga tutguvchi.
Sening yoningda ham seni axtarib,
Sening yoningda ham seni kutguvchi.

Ista, tiz choʻkaman hozir oldingda,
Sevdim, sevganimdan uyalmoq nechun.
Barcha farishtalar sening qalbingda
Ijarada turgan qizlar men uchun!

Biz baxtli boʻlamiz xudo xohlasa,
Xudo xohlamasa, uchrasharmidik?

Samarqandga borsam

Samarqandga borsam men agar,
Ulug’bekni ko’rib qaytaman.
U qon yig’lab tu pap har safar,
Men dardimni kimga aytaman.

Bag’rimda bo’y yetgan bo’z bolam,
Mergan bolam, lochin ko’z bolam,
Bo’g’zimga tig’ urgan o’z bolam,
Men dardimni kimga aytaman.

Sezmay qoldim. O’shanda chog’im,
Yulduzlarda ekan nigohim.
Bilmadim ne edi gunohim,
Men dardimni kimga aytaman.

Qancha g’amga botmagan edim,
Kdncha og’u yutmagan edim,
O’z bolamdan kutmagan edim,
Men dardimni kimga aytaman.

Tanim muzlab, goh tosh qotaman,
Men shoh emas, axir, otaman.
Go’rimda ham o’ylab yotaman,
Men dardimni kimga aytaman.

Samarqandga borsam men agar,
Ulug’bekni ko’rmay kelmayman.
U menga qon yig’lar har safar,
Men dardimni kimga aytaman!

Iqror

O, ota makonim.
Onajon o’lkam,
O’zbekiston, jonim to’shay soyangga.
Senday mehribon yo’q,
Seningdek ko’rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangta.

Bir go’sha suv bo’lsa, bir go’sha qirlar,
Qancha yurtni ko’rdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Tog’laring ortimdan ergashib yurar.

Ko’rdim suluvlarning eng faranglarin.
YO xudbinman men yo bir sodda kasman men –
Parijning eng go’zal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga ko’nayin,
Na til bilayin,
Ko’zdan uyqu qochdi, dildan halovat ,
Uch kunda sog’insam nima qilayin,
Chala qolar bo’ldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulug’im o’zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug’ilgan qo’zing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan o’tgan har kun bayram — bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman ta’zim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

Xavotir

Qo’rqaman, ertaga men o’lib ketsam,
Yotar bo’lsam qumga botib ko’zlarim,
Ko’nglimni ko’chkiday bosadi bir g’am,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim.

Eng yaqin do’stlarim g’iybatim qilar,
Eng zaif dushmanim ustimdan kular.
Ular-ku, ne qilsa o’zlari bilar,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim.

Shoir o’lsa kim ham kuyinar deysiz,
Madhiyaboz hozir suvarakday ko’p.
Ular misli qishda tarnovdagi muz,
Barmoq tegsa yerga to’kilar to’p-to’p.

Tildan qolsam ko’zda qotib yoshlarim,
Ko’nglimdan boshqa bor axir, ne zarim?
Yerlarga egilgan kuni boshlarim,
Yig’lashni ham bilmas mening qizlarim.

Ular yosh. O’limdan qo’rqaman yomon,
Chunki, dardiga hech quloq solmadim.
Qabrimning ustida yig’lasin debon,
Qizlarim ko’zyoshin asray olmadim!

Sevmoq bu

Sevmoq bu – kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam bo’lgin sen menga, dilbar.

G’iybatlar tingladim, aylandi boshim,
Ho’l tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda ko’nglimni yulqib
Ko’mdim beor do’stdek gumonlarimni.

O’ylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga to’lganda ko’zim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim o’zimni o’zim.

Sevmoq bu – o’zingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga ko’milgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor bo’l sen menga, dilbar.

Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
G’amgin ko’zing, hadik to’la ko’zingni.
Sevmoq bu – kunda bir ko’rmoq baxtidir
Ozg’in qo’llaringni, sepkil yuzingni.

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.