Mardlik va nomardlik haqida maqollar to‘plami
Mardlik hamda nomardlik haqida sara maqollar to’plamini qabul qiling.
Urishsang, mard bilan urish
Mard yetimga yeng bo’lar,
Bo’lmaganga — bo’y.
Suxan dur bo’lar,
Aslning gapi bir bo’lar.
Nomardning xotini bo’lguncha,
Mardning bevasi bo’l.
Yigitga mardlik yarashar.
Mard qiyinni yengar,
Nomard bo’ynini egar.
Baxshining qadrini xalq bilar,
Xalqning qadrini mard bilar.
Arslon bolasi arslon bo’lur,
Sichqon bolasi — sichqon.
Mard berib xursand bo’lar,
Nomard — olib.
Kim mard bo’lsa so’ziga,
Oydir elning ko’ziga.
Qildan qiyiq axtarma.
Yigit borki, yetti pushtigacha nomi qolar,
Yigit borki, yetti kunda nomi yo’qolar.
Darmon bor yerda dard bo’lmas,
Erman bor yerda er o’lmas.
Mardni o’ldirar firoq,
Nomarddan nomus yiroq.
Mard tuzar, nomard buzar.
Qo’lingni ber, mard bo’lsang,
Qocha ber, nomard bo’lsang.
Nolish bilan ish bitmas,
Mard nomardga tiz cho’kmas.
Go’ngqarg’a bo’lib ming yil yashagandan,
Sher bo’lib bir yil yashagan afzal.
Nomard bo’lib ko’pga kirguncha,
Mard bo’lib o’lgan yaxshi.
Yuz nomarddan yuz qaytar,
Bir mardni har kirn maqtar.
Mard bir yil och,
Nomard hamisha och.
Mardning ishi — mehnatda,
Nomardning kuchi — og’zida.
Yigit — so’zidan,
Qo’y — bo’g’zidan.
Adashganni yo’lga solgan mard.
Mard maydonda bilinar,
Nomard — ishda.
Aybiga iqror mard kishi,
Yashirmoq — qo’rqoq ishi
Tangri berganning o’g’li to’rt bo’lar,
Biri nomard bo’lsa, biri mard bo’lar.
Mard muhtoj beshigi,
Elga ochiq eshigi.
Marddan ot qolur,
Nomarddan — dod.
Otni ham maydonda sina,
Erni ham maydonda sina.
Ilikni mard qoqib, nomard yemasin.
Asirlikdan o’lim yaxshi.
El tutganni er tutar.
Qochganni quvlovchi bo’lma.
Og’ir yukka nor kerak,
Yov talashda er kerak.
Piyozni mard artsin,
Sabzini — nomard.
Maslahatni marddan so’ra.
Nomardga ishi tushmagan
Mardning qadrini bilmas.
Mardga manzil ko’p.
Mard mardni deydi,
Nomard — nomardni,
Er qayerda bo’lsa, sher panjasi o’sha yerda.
Mardning noni — butun.
Ma’raka — mardniki,
Ziyofat — xalqniki.
Zolim ishi shafodir,
Mardning ishi vafodir.
Nomard non ustida ham nolishini qo’ymas.
Mardning qo’li boqadi,
Nomard qo’li yoqada.
Olgan mard emas,
Bergan — mard.
Kurashda otangni ayama.
Yiqilsang, kuchlidan yiqil.
Yigit — yigitning ko’zgusi
Mard xotinin qaritmas.
Botir otin horitmas.
Mard yiqilsa, maydonda qolar.
Tog’ arqon bilan egilmas,
Mard nomardga teng bo’lmas.
Chigit bo’lsang ham, yigit bo’l.
O’z aybini bilgan — mard.
O’ldirsa ham, mard o’ldirsin.
Mard yigitning labi yog’liq,
Dangasaning boshi qonlik.
Gunohning uzri gunohdan og’ir.
G’olibning yarasi tez bitar.
Mard bir marta o’lar,
Qo’rqoq — yuz marta.
Nomard ishing bilmasin,
Bilib bag’ring tilmasin.
Mard ish ustida bilinar,
Nomard — osh ustida.
Nomardning ko’prigidan o’tgandan,
Daryoda g’arq bo’lgan yaxshi.
Jondan kechmay, daryo kechilmas.
Mardning o’ligi — nomardning tirigi.
Mardni el sevar,
Nomardni kirn sevar.
Nomardga yalinma,
Bir baloga chalinma.
Nomarddan najot kutma,
Itdan — hojat.
Yo’lbars
Tulki izidan yurmas.
Ur deganda nomard qochar,
Mard qolar maydon ichida.
Mard ishi — mard,
Nomardniki — dard.
Mardlik — kishining husni.
Mard nomardga tiz cho’kmas.
Nomardga so’z berguncha,
Mardga ko’z ber.
Mard — kurashda, do’st — tashvishda,
Dono g’azabda sinalar.
Mard o’zidan ko’rar,
Nomard — o’zgadan.
Yiqilsang ham tuyadan yiqil,
Birov senga kulmasin.
Jo’mard yo’qligini bildirmas,
Tulpor ochligini bildirmas.
Mard yo’lida g’ov qolmas.
Suv keltirar mard kishi,
Ekin ekar har kishi.
Do’stga zor qilma,
Nomardga — muhtoj.
Nomard do’stdan mard dushman yaxshi.
Yaxshi it o’ligini ko’rsatmas.
Nomardga zor bo’lgandan,
Qora daryoga g’arq bo’l.
Yo’qdan qochma, yomondan tonma.
Yigitga yig’i yarashmas.
Mardlik — mangulik.
Nomard yovga yalinar,
Mard kuchiga suyanar.
Kek xotinga yarashar.
Mard yigitning dod degani — o’lgani,
Dod demasdan bet uchirgani — qo’rqqani.
Mardni mehnat yengolmas.
Do’st kulfatda sinalar,
Mard — kurashda.
Bir erga navbat, bir — sherga.
Og’ir yukni nor ko’tarar,
El og’irin er ko’tarar.
Yer ekma, er ek.
Mardga taqlid et,
Nomardni tanqid et.
Mardni xor etma,
Nomardga zor etma.
Kallangni olsa, mard olsin.
Ot kuchini karvonda ko’r,
Mard kuchini — maydonda.
Er yigit el aybini ochmas.
Ota o’g’il rahmat olur.
Nomard dushman ko’rsa, g’ussadan o’lar.
G’olibning nomi o’chmas.
Nomardga yalinguncha,
Jo’mardga yalin.
Mard o’lar, nomi qolar.
Mergan ovda kerak,
Mardlik — yovda.
Mol — mard, egasi — nomard
Mardlik yiqitmoq emas, turg’izmoq.
Nomardda nomus bo’lmas.
Mardlik sotib olinmas.
Nomardning palovidan,
Mardning yovg’on oshi yaxshi.
Ziyrakning aqli tosh yorar,
Nomardning mushti bosh yorar.
Arslon og’zidan ov olinmas.
Yaxshilikka yaxshilik —
Har kishining ishidir.
Mard yigit izini sotar,
Nomard yigit — o’zini.
Yigit so’zi — bitta.
Mard aytmas,
Aytsa qaytmas.
Mard bilan gurunglashgan
Mard bo’lar.
Nomard bilan hiringlashgan
Part bo’lar.
Baliq suvning chuqurini,
Mard ishning qiyinini izlar.
Mard yigitga sevgi sinov.
Mardni maqtamasang ham — mard,
Nomardni maqtasang ham — dard.
Noligan — nomard,
Bir gapirgan — mard.
Suv keltirgan mard,
Suv bermagan nomard.
Yomonlikka yaxshilik —
Mard kishining ishidir.
Mard qalbi — gul,
Nomardniki — kul.
Nomarddan yordam so’rama,
Yuzingga solar.
Mard oro bilan so’zlar,
Nomard — pora bilan.
Yigitni bir so’zlik bezar.
Yomon odam yovdan qochar,
Nomard odam siring ochar.
Mard boshini qilich kesmas.