Madhiya haqida sherlar to‘plami
O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi 1992- yil 10-dekabr kuni qabul qilingan.
Madhiya haqida sher. Marhamat qabul qilib oling
Madhiya
Serquyosh, hur o‘lkam, elga baxt, najot,
Sen o‘zing do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon!
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod,
Shuhrating porlasin toki bor jahon!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Bag‘ri keng o‘zbekning o‘chmas iymoni,
Erkin, yosh avlodlar senga zo‘r qanot!
Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni,
Haqsevar, ona yurt, mangu bo‘l obod!
Oltin bu vodiylar — jon O‘zbekiston,
Ajdodlar mardona ruhi senga yor!
Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon,
Olamni mahliyo aylagan diyor!
Madhiya yangragan mahal
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Yurtdoshim, daryoday oyoqqa qalqi.
Chunki, osonlikcha erishgan emas,
Bu baxtga jafokash, mard o’zbek xalqi.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Esla, ajdodlaring shavkat-u shonin.
Tarannum etgaydir, bu buyuk g’azal,
Asl insoniylikning oliy nishonin.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
Tosh qotgin, ko’ksingni tog’dayin kerib.
Zero, bu baxt uchun kurashgan azal,
Ne-ne mard o’g’lonlar jonini berib.
Davlat madhiyasin yangratib ko’p bor,
Hayratga to’ldir bu keng dunyolarni.
Ruhlarin shod etgin, yod etib takror,
Mutal Burxonni-yu, Abdullolarni.
Davlat madhiyasi yangragan mahal,
O’ng qo’ling qalbingni ustida tursin.
Tinchlik qo’rg’oniga qalqon askarday,
Yuraging doim o’z rostida tursin.
Madhiyam
Istiqlolning nishonasi sendursan,
Zulmatimda bo‘lgansan nur – Madhiyam!
Jahonlarga bitta o‘zing tengdursan,
Dunyo uzra kuylanib tur, Madhiyam!
Seni ko‘kka eltadur mard o‘g‘loning,
Qilich bo‘lsang, farzandlaring qalqoning.
Jahonlarga yetib borsin dostoning,
Qalam bo‘lsam, o‘zing shuur, — Madhiyam!
Istiqloling abad bo‘lsin betakror,
Gar aytilsang, yurakni chulg‘ar bahor.
Navolaring o‘zgacha berur mador,
Tillo-yu, zar, bebaho dur, — Madhiyam!
Tor dunyoni aylarsan keng boshimga,
Parvo qilma, ko‘n iztirob yoshimga.
Butun dunyo kelsa hamki qoshimga,
Bo‘lgum mudom bir senga jo‘r, Madhiyam!
Sarhad bilmas nomus o‘zing, or o‘zing,
Kuylar bo‘lsam, qo‘limdagi tor o‘zing.
Har damimda bo‘lgan menga yor o‘zing,
O‘zbek elga milliy g‘urur – Madhiyam!
Osmonimga kelmas g‘ubor, bor bo‘lsang,
Armonim yo‘q, — agar milliard yosh ko‘rsang.
Senga sodiq Javohir Mirzo bilsang,
Yayra endi, qandingni sur, Madhiyam!
Har kuni jaranglaysan
Yosh qo‘shilsin yoshinga,
Xumo qo‘ndi boshinga,
Keng jahonda yangraysan,
Har kuni jaranglaysan.
Abdulla Orifning so‘zi,
Xalqimning ko‘rar ko‘zi,
Shanimiz g’ururimiz,
Qalbdagi sururimiz.
Dilimizda madhiya,
Tilimizda madhiya,
Bolajonlar bo‘ylashar,
Tongda seni kuylashar.
Xalqim yuragidasan.
Ezgu tilagidasan.
Omon bo‘l mangu bor bo‘l.
Elga hamroh bo‘l yor bo‘l.
Yoshlar madhiyasi
Yoshmiz, dilimizda ezgu ahd boʻlgay,
Har yurakda shiddat boʻlgay, shahd boʻlgay!
Yurtboshimiz koʻrsatgan yorugʻ yoʻlda,
Manzilgacha yoʻldoshimiz baxt boʻlgay!
Vatan bizdan kutmoqda buyuk ishlar,
Bu ishonchdan joʻshar ishtiyoqimiz!
Bunda jamdir Barchinoy, Alpomishlar,
Koʻksi baland «Yoshlar ittifoqi»miz!
Har koʻngilni chaman etmoq uchun ham,
Gullashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Buyuk kelajakka yetmoq uchun ham,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Toʻqqiz yoshda Qurʼonni yod bilgan kim?
Eng ulugʻ muhaddis – Buxoriy bobo!
Yetti yoshida “Mantiq ut-tayr”ni,
Yod olgan kim? Bizning Navoiy bobo!
Bolalikdan asov otni egarlab,
Doim zafar quchgan Temur bobomiz!
Oʻn ikki yoshida taxtni egallab,
Yurt boshqargan bizning Bobur bobomiz!
Ajdodlardek yorugʻ yuz boʻlmoq uchun,
Nurlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Dunyo koʻrib qoʻysin biz yoshlar kuchin,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Bu kun jahon maydonida koʻp yoshlar,
Boʻlmoqdalar ajdodlarga munosib!
Ular yurtni marralar sari boshlar,
Beruniylar bosgan izlarni bosib!
Yurt bayrogʻin Kubroday mahkam tutib,
Yuksaklarga qadar uchgan yoshlarmiz!
Boradirmiz, turmaymiz baxtni kutib,
Har jabhada zafar quchgan yoshlarmiz!
Dunyo bilan barcha tilda birma-bir,
Tillashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Vatan qadrin birdamlik koʻtargaydir,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!