Baxtli yashash siri hamda aniq tavsiya va maslahatlar
Odam bolasi hamisha harakat maydonida yashaydi. Uning yuragi, tafakkuri, idroki hamisha yo‘lda. Orzu qiladi, intiladi, qoqiladi, yo‘qotadi, topadi. Ayriladi, kuyadi, sog‘inadi, kutadi, yetishadi. Inson umri ana shunday bir-biriga o‘xshagan va o‘xshamagan lahzalar marjoni. Baxt esa ana shu lahzalardan bittasining ismi. Ya’ni inson mutloq baxtiyor bo‘lishi mumkin emas.
O‘zini baxtsiz his qilish oson. Chinakam baxtga erishish uchun esa biroz mehnat qilish, atrofdagilarga yaxshilik tilash lozim. Chunki ko‘ngli ochiq insongina hayotni turfa ranglarda ko‘radi.
Baxtli hayotga eltuvchi kerakli 15 qoida
- O’z umringiz uchun ma’suliyatni his qiling — Baxtli bo’lish uchun birinchi navbatda erkin bo’lish lozim. Vaziyat qanday bo’lmasin, unga qanday yondashish o’z qo’lingizda. Buning uchun faqat o’zingiz javobgar bo’lasiz.
- O’z qiziqishlaringizga ega bo’ling — Ishqibozlik bizga mayda xursandchiliklar beradi va ular birlashib, baxtga aylanadi. SHuning uchun qiziqishlar doirasini kengaytirib boring. Bu bilan siz baxtga eltuvchi yo’llaringizni ko’paytirasiz. Atrofda shuncha qiziqarli narsalar bo’la turib, kishi baxsiz bo’lishi mumkinmi?
- Ko’p kuchingizni o’zingiz sevgan mashg’ulot, kasb yoki faoliyatga bag’ishlang — Agar ishingizni sevsangiz, ko’p ishlang. Agar yoqmasa almashtirishga harakat qiling, bu o’zingiz uchun ham, jamiyat uchun ham samaraliroq bo’ladi. Biz ish joyida ko’p vaqtimizni o’tkazamiz va bu vaqt biz uchun azobga aylanmasligi kerak
- Ijod qiling — Biror narsa yaratish sizga kuch bag’ishlaydi va ahvolingizni yaxshi tomonga o’zgartiradi.
- Yaqin kishilaringizni seving — Ko’p vaqtingizni, e’tiboringizni sevgan kishilaringizga bag’ishlang. Bundan o’zingizni baxtli his eta olasiz.
- O’zingizga ishoning — Kuchingizga ishoning. Qanday bo’lsangiz shundayligingizcha qoling. Birovlar uchun yashamang. Odamlar siz qanday bo’lsangiz, shundayligingizcha qabul qilishlari va hurmat etishlariga ishoning.
- Boshqa odamlarga yordam bering — Har bir insonning ichida altruizm, ya’ni atrofdagilarga beg’araz yordam ko’rsatish ehtiyoji mavjud. Boshqalarga yordam berish orqali, birinchidan, o’z-o’zingizga hurmatni oshirasiz, ikkinchidan, o’zingizdagi jismoniy va psixologik tanglik holatlarini, ya’ni stresslarni yo’qotasiz va natijada hayotdan qoniqish, baxtga erishish hissiga ega bo’lasiz.
- Baxtni ortga surmang — Biz ko’pincha oilaviy baxt yangi uy yoki mashina sotib olish, yaxshi ishga kirish yoki qo’shimcha ta’lim olish orqali kirib keladi, deb o’ylaymiz. Bu esa noto’g’ri. Ayni damda sizda bor narsalar bilan ham baxtli bo’lishning ilojisi bor.
- O’zgarib turing — Muntazam tarzda yangilanib, o’sib rivojlanib borsangiz, baxtning o’zi sizni izlab topadi. Hayotingizni yangi bosqichga ko’tarish uchun hamisha yangiliklar izlab toping.
- Yashash naqadar lazzatli ekanligini unutmang — Har bir o’tayotgan kun uchun quvonishni o’rganing. O’tayotgan kuningizning har lahzasini unumli o’tkazish va bayram qilish esa o’z qo’lingizda.
- O’zingizni yarating — O’zingiz uchun o’z hayotiy tamoyillaringizni yarating va ularga amal qiling. O’zingizga bo’lgan sadoqat ham baxt yo’lidagi muhim omillardandir. Siz kimsiz? Boshqalar hayoti bilan yashamang, kimningdir umidi, sizdan nimadir kutayotgani uchun emas, o’zingiz uchun yashang. Qo’yib bersa, odamlar sizdan ko’p narsa kutishlari mumkin, lekin o’zingizchalik sizni birov sevarmikan?
- Jismoniy faollik — Istalgan jismoniy faollikning, harakatning sog’lom kishiga haqiqiy lazzat baxsh etishi ma’lum, buning sababi chuqur o’rganilmagan. Akademik Pavlov bu hisni mushaklar mashqi deb atagan. Jismoniy faollik davrida inson miyasida o’ziga xos tabiiy moddalar (endorfinlar) ishlab chiqiladi va bu moddalar kishiga lazzat, zavq baxsh etadi.
- Yaxshi narsalar haqida o’ylang — Joy, vaziyat insonni baxtli yoki baxsiz qila olmaydi. Faqatgina aql-salohiyat qanday inson ekanligimizni his etishimizga yordam beradi. Har doim yaxshi narsalar haqida o’ylang. Bo’lar-bo’lmas xayollarga bormang, salbiy o’y-xayollarni o’zingizga yaqinlashtirmang. “Nimaiki bo’lmasin, yaxshilikka” degan qoidaga ishoning.
- Boshqalarni baxtli qiling — Bu baxtga erishishning eng ishonchli usulidir. O’z baxtingiz yo’lida odamlarga yaxshilik qiling – ana shunda buning o’zi baxt ekanligiga amin bo’lasiz. Kishilarga hamdard bo’ling. Bu fidokorlikning oliy ko’rinishidir. Baxtga xech qachon xudbinlik orqali emas, balki fidoyilik tufayli erishiladi.
- Orzularga beriling va qiziqing — Qiziqishlaringiz doirasini kengaytiring. Go’zal xayollarga berilishdan cho’chimang. Orzular olamiga g’arq bo’ling. Oldingizga katta maqsadlarni qo’yib, unga dadil qarab intiling.